Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisi Islom Abduraxmonov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasiga ishchi tashrif doirasida kichik va mikro GESlar uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi Kumsung Engineering & Construction Co., Ltd. kompaniyasining ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya gidroagregatlar va gidroenergetika uskunalarini loyihalash, ishlab chiqarish hamda sinovdan o‘tkazish jarayonlari bilan tanishdi.
Past bosimli suv oqimlaridan samarali foydalanishga mo‘ljallangan innovatsion gidroagregatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Bunday qurilmalar kichik va mikro GESlarda qo‘llaniladi.
Koreya tajribasining asosiy jihatlaridan biri uskunalarni bevosita ishlab chiqarish jarayonida sinovdan o‘tkazish, texnik parametrlarni nazorat qilish va samaradorlikni baholash amaliyoti hisoblanadi.
Mazkur yondashuv O‘zbekistonda gidroenergetika mashinasozligini rivojlantirish va takomillashtirish uchun muhim tajriba sifatida baholandi.
Delegatsiya Janubiy Koreyadagi Kim daryosida joylashgan Baekjebo GESiga ham tashrif buyurdi. 2011 yilda foydalanishga topshirilgan stansiya umumiy quvvati 2,64 MVt bo‘lgan to‘rtta gidroagregat bilan jihozlangan. U suvning tabiiy bosimi va sarfidan samarali foydalanish hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
1982 yilda tashkil etilgan Kumsung E&C kompaniyasi energetika sohasi uchun uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Jumladan, kompaniya irrigatsiya va suv taʼminoti tizimlari uchun zatvorlar va ko‘tarish mexanizmlari, nasos uskunalari hamda suvni oqizish uchun avtomatlashtirilgan qurilmalar ishlab chiqaradi.
Tashrif “O‘zbekgidroenergo”ning xalqaro tajribani o‘rganish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlari doirasida amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi GESlar soni 36 tadan 106 taga yetdi, gidroenergetikaning umumiy o‘rnatilgan quvvati esa 2,5 GVtga yetdi.