O‘zbekiston

Mirzo Ulug‘bek tumanida Salar kanali bo‘yi obodonlashtiriladi

Mirzo Ulug‘bek tumanida Salar kanali bo‘yi obodonlashtiriladi
Mirzo Ulug‘bek tumanida Salar kanali bo‘yi obodonlashtiriladi / Foto: Mirzo-Ulug'bek tumani hokimiyati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida «Mirzakalon Ismoiliy» va “Asaka” mahallalaridan o‘tuvchi “Salar” kanali bo‘yi hududini obodonlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu yerda zamonaviy dam olish maskani tashkil etiladi. Bu haqda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Obodonlashtiriladigan hududning uzunligi qariyb 1,5 kilometrni tashkil etadi. Hudud Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi binosidan boshlanib, Markaziy istirohat bog‘igacha davom etadi.

Loyiha doirasida mavjud daraxtlar va yashil hududlar saqlab qolinadi hamda tartibga keltiriladi. Kanal bo‘yida joylashgan binolar xatlovdan o‘tkaziladi, qonunsiz egallangan hududlar esa belgilangan tartibga muvofiq holatga keltiriladi.

Hududda piyodalar va velosipedlar uchun yo‘laklar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus yo‘laklar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, o‘rindiqlar va ayvonlar o‘rnatiladi, bolalar hamda vorkaut maydonchalari barpo etiladi.

«Mirzakalon Ismoiliy» mahallasidagi 1A, 2, 3, 5 va 7-sonli ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi maydonlardan tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun foydalanish rejalashtirilmoqda.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.