O‘zbekiston

Toshkent viloyatida tibbiy shaharcha tashkil etiladi

Toshkent viloyatida tibbiy shaharcha tashkil etiladi
Toshkent viloyatida tibbiy shaharcha tashkil etiladi / Foto: Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida Janubiy Koreya tajribasidan foydalangan holda 400 gektar maydonda zamonaviy Tashkent Medical Smart City tibbiy shaharchasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Janubiy Koreyaga amaliy tashrifi yakunlari bo‘yicha maʼlum qilindi.

Seul shahrida delegatsiya Janubiy Koreyaning HAEAHN Architecture kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Tomonlar Toshkent viloyatida zamonaviy tibbiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan xalqaro innovatsion loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Avvalroq Janubiy Koreyaning qator yetakchi kompaniyalari bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Hujjatga muvofiq, 400 gektar maydonda tibbiy muassasalar, shuningdek, ular bilan bog‘liq ijtimoiy va tijorat infratuzilmasini barpo etish rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida loyihaning yangilangan konsepsiyasi, master-rejasi hamda arxitektura va rejalashtirish yechimlari ko‘rib chiqildi.

Yagona tibbiy shaharcha tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Uning tarkibiga tibbiy muassasalar, xalqaro tibbiyot universiteti, taʼlim muassasalari, mehmonxonalar, biznes va savdo markazlari, shuningdek, zamonaviy turar joy majmualari kirishi mumkin.

Tomonlar loyiha ustida xalqaro standartlar asosida ishlashni davom ettirishga, arxitektura va shaharsozlik sohasida Koreya tajribasidan keng foydalanishga kelishib oldi. Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish va tibbiy turizmni rivojlantirish uchun zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Tashkent Medical Smart City loyihasi bo‘yicha hamkorlikni yana-da faollashtirish hamda keyingi amaliy qadamlarni belgilash zarurligini taʼkidladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.