Imom Buxoriy majmuasi yonida besh yulduzli Hadith Hotel ochildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyatida yangi besh yulduzli Hadith Hotel mehmonxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Obyekt Imom Buxoriy majmuasi hududida joylashgan bo‘lib, asosan mahalliy va xorijiy ziyoratchilarni joylashtirishga mo‘ljallangan.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Indoneziya Haj va Umra ishlari vaziri Muhammad Irfon Yusuf, Indoneziyaning O‘zbekiston va Qozog‘istondagi elchilari, investorlar, turizm sohasi vakillari hamda hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.
To‘rt qavatli Hadith Hotel 120 ta xonaga ega bo‘lib, jami 240 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga mo‘ljallangan. Xizmat ko‘rsatishni tashkil etishda xalqaro mehmonxona standartlaridan foydalanilgan. Ular majmua muqaddas qadamjo yaqinida joylashganini hisobga olgan holda milliy mehmondo‘stlik anʼanalari va xulq-atvor qoidalari bilan uyg‘unlashtirilgan.
Imom Buxoriy majmuasi O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar musulmonlari uchun muhim ziyorat markazlaridan biri hisoblanadi. Uni rivojlantirish doirasida davlat rahbari tashabbusi bilan hudud kengaytirilib, zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda. Jumladan, bu yerda bir vaqtning o‘zida 10 ming nafargacha namozxonni sig‘dira oladigan masjid barpo etilgan.
Shu bilan birga, Indoneziyadan ziyoratchilar oqimi ortib bormoqda. Bu esa majmua atrofida xalqaro darajadagi mehmonxona infratuzilmasiga qo‘shimcha talabni shakllantirmoqda.
Hadith Hotel‘ning ochilishi majmuaga tashrif buyuruvchilarni joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, Samarqand viloyatida turistik xizmatlarni rivojlantirishga ham hissa qo‘shishi kutilmoqda. Yangi obyekt ish o‘rinlarini yaratadi, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etadi.
Loyiha O‘zbekiston va Indoneziyaning turizm sohasidagi hamkorligining yana bir yo‘nalishi bo‘lib, mintaqada ziyorat turizmi salohiyatini mustahkamlaydi.