O‘zbekiston

Senat Zarafshon shahrini kengaytirishni ma'qulladi

Senat Zarafshon shahrini kengaytirishni ma'qulladi
Senat Zarafshon shahrini kengaytirishni ma'qulladi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 19-yalpi majlisida Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mazkur tashabbus Zarafshon shahrining istiqbolli rivojlanishi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, investitsiyalarni jalb etish, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish hamda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qaror bilan Tomdi tumani hududidan 2 459 gektar yer maydonini Zarafshon shahri tarkibiga oʻtkazish nazarda tutilmoqda.

Yangi hududlarni oʻzlashtirish natijasida 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, 90 ta ijtimoiy soha obyekti, shuningdek, 500 dan ortiq savdo-maishiy va xizmat koʻrsatish nuqtalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Zarafshon shahrida sanoat va ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi, aholi soni va iqtisodiy faollikning ortib borishi natijasida uy-joy, ijtimoiy soha va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga boʻlgan ehtiyoj ham oshib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, shahar chegaralarini kengaytirish uning kelgusidagi rivojlanishi uchun zarur hududiy imkoniyatlarni yaratadi.

Shu bilan birga, yangi hududlarda turar joylar barpo etish bilan bir qatorda, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi, yoʻl, kanalizatsiya va boshqa zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash  imkoniyatlari yaratiladi.

Bu, oʻz navbatida, aholi bandligini taʼminlash, ayniqsa, yoshlar va mehnat bozoriga kirib kelayotgan fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi.

Senatorlar oʻz chiqishlarida yangi hududlarni kompleks va rejali rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, ularni shahar tarkibiga qoʻshishda faqatgina maʼmuriy oʻzgartirish bilan cheklanib qolinmay, balki ushbu hududlarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kerakligini taʼkidladi.

Muhokamadan soʻng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.