Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev 10 sentyabr kuni Litvaning xalqaro transport kompaniyasi TVG Group direktori Albertas Sitavichyus bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar uyushgan mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish va uning yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini Litvada uyushgan tarzda ishga joylashtirish ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Yuk tashuvchi og‘ir avtotransport vositalari uchun malakali haydovchilarni tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, noqonuniy migratsiyaning oldini olishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni ko‘rib chiqdi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish hamda kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.