Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Milliy kinologiya markazi va Burkina-Faso Bojxona xizmati kinologiya markazi 7-Global kinologiya forumi doirasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuv tajriba almashish, xizmat itlarini tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalariga bag‘ishlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki markaz vakillari kinologiya sohasidagi hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini, jumladan, amaliy tajriba almashish va xizmat itlarini tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqdi. Kinolog-mutaxassislarning kasbiy rivojlanishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Burkina-Faso delegatsiyasi, shuningdek, O‘zbekiston Milliy kinologiya markazi faoliyati bilan tanishdi va bu yerda yetishtirilib, o‘qitilayotgan xizmat itlariga qiziqish bildirdi.
Burkina-Faso Bojxona xizmati vakillari O‘zbekistondan xizmat itlarini xarid qilish va ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar kinologiya sohasidagi aloqalarni davom ettirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.