O‘zbekistonda bepul Muzeylar haftaligi o‘tkazilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2–8 sentyabr kunlari anʼanaviy Muzeylar haftaligi o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbir doirasida mamlakat aholisi 114 ta davlat muzeyiga bepul tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda Madaniy meros agentligi maʼlum qildi.
Bepul kirish agentlik tizimidagi barcha davlat muzeylarida, jumladan muzey-qo‘riqxonalar va uy-muzeylarda amal qiladi.
Mazkur aksiya O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qiladi va xorijiy sayyohlarga tatbiq etilmaydi.
Madaniy meros agentligida taʼkidlanishicha, Muzeylar haftaligi mamlakat tarixi, sanʼati va milliy merosi bilan tanishish, shuningdek, noyob eksponatlar va qadimiy yodgorliklar haqida ko‘proq maʼlumot olish imkonini beradi.
«Muzeylar haftaligi — mamlakatimiz tarixi, sanʼati va milliy merosi bilan tanishish, shuningdek, noyob eksponatlar va qadimiy yodgorliklar haqida ko‘plab yangi maʼlumotlarga ega bo‘lish uchun ajoyib imkoniyat», — deya maʼlum qildi agentlik.
Bundan tashqari, O‘zbekistondagi davlat muzeylariga har oyning birinchi yakshanbasida ham bepul tashrif buyurish mumkin.