Shoshilinch
Madaniyat

O‘zbekistonlik kompozitor Feliks Yanov-Yanovskiy vafot etdi

O‘zbekistonlik kompozitor Feliks Yanov-Yanovskiy vafot etdi
O‘zbekistonlik kompozitor Feliks Yanov-Yanovskiy vafot etdi / Foto: O‘zbekiston Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanʼat arbobi unvoniga sazovor bo‘lgan kompozitor va professor Feliks Yanov-Yanovskiy 12 oktyabr kuni Toshkent shahrida 92 yoshida vafot etdi. Musiqanavozning vafoti haqida O‘zbekiston Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi xabar berdi.

Bo‘lajak kompozitor 1934 yilda O‘zbekiston poytaxtida tug‘ilgan.

U dastlab Naum Bronfman qo‘lida skripka bo‘yicha tahsil olgan va 1957 yilda Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlagan. Ikki yildan so‘ng Boris Nadejdin sinfida kompozitsiya bo‘yicha o‘qishni yakunlagan.

Talabalik yillaridayoq Yanov-Yanovskiy drama teatri orkestri, Davlat simfonik orkestri va O‘zbekiston radiosining torli asboblar kvartetida faoliyat olib borgan.

1961 yilda u Toshkent konservatoriyasida pedagogik faoliyatini boshlagan. 1988 yilda unga professor ilmiy unvoni va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanʼat arbobi faxriy unvoni berilgan.

Yanov-Yanovskiyning ijodiy merosi to‘qqizta opera, to‘rtta balet, beshta simfoniya, instrumental konsertlar, shuningdek, kamer ansambllar, vokal va xor uchun yaratilgan asarlarni o‘z ichiga oladi.

Uning eng mashhur asarlari qatoriga “Orkestr” va “Akkompaniator” operalari, «Urashima Taro» baleti hamda “Rekviyem” kiradi.

Bundan tashqari, kompozitor 60 ta filmga, jumladan, animatsion filmlarga, shu qatorda «Mehribon yomg‘ir yog‘adi» multfilmiga, shuningdek, 15 ta teatr spektakliga musiqa bastalagan.

Yanov-Yanovskiyning musiqalari O‘zbekistondan tashqarida ham ijro etilgan. Uning asarlari Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, AQSH, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda yangragan. Kompozitor ijodi xalqaro tanlovlar va festivallarda eʼtirof etilgan.

Kultura.uz nashrida eʼlon qilingan taʼziyanomada musiqashunos Inessa Gulzarova kompozitorning ijodiy qiziqishlari keng qamrovli bo‘lganiga eʼtibor qaratgan.

U simfonik va opera musiqasidan tortib kamer asarlar hamda estrada qo‘shiqlarigacha bo‘lgan turli janrlarda ijod qilgan.

Uning asarlarida milliy folklor ohanglari zamonaviy badiiy yechimlar bilan uyg‘unlashgan. Tembr va intonatsiya ustida nozik ishlash esa o‘ziga xos musiqiy muhit yaratishga xizmat qilgan.

Kompozitor ijodiga ilhom bag‘ishlagan mualliflar orasida Aleksandr Pushkin, Oskar Uayld, Emil Verxarn, Matsuo Basyo va Federiko Garsia Lorka bo‘lgan.

Yanov-Yanovskiy musiqiy taʼlim sohasiga ham katta hissa qo‘shgan.

Inessa Gulzarovaning taʼkidlashicha, uning pedagogik faoliyati bir necha avlod musiqachilariga o‘z ijodiy qiyofasini shakllantirish va shaxsiy ijodiy yo‘lini topishda yordam bergan.

O‘zbekiston Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi kompozitorning oila aʼzolari va yaqinlariga, shogirdlari hamda hamkasblariga hamdardlik bildirdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.