Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa kinosi XI festivali 23–25 oktyabr kunlari Toshkentda, ilk bor esa 27 oktyabr kuni Urganchda bo‘lib o‘tadi. Festival dasturidan Yevropa mamlakatlarining 11 ta badiiy, hujjatli va animatsion filmi o‘rin olgan. Barcha namoyishlar bepul bo‘ladi.
Festivalning Toshkentdagi asosiy maydonchasi O‘zbekiston Milliy kino sanʼati saroyi bo‘ladi. Urganchdagi namoyishlar Hudoybergan Devonov nomidagi kinoteatrda o‘tkaziladi.
Filmlar asl tilida, o‘zbek va/yoki rus tillaridagi subtitrlar bilan namoyish etiladi.
Festival uchun o‘z filmlarini Kipr, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Ruminiya va Sloveniya elchixonalari taqdim etgan.
Tadbirni tashkil etishda Goethe instituti va Toshkentdagi Fransuz alyansi ham ishtirok etmoqda. Filmlarning bir qismi milliy va xalqaro kino mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
Festival 2013 yildan buyon O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi tomonidan mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan Yevropa elchixonalari bilan hamkorlikda, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi ko‘magida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
23 oktyabr kuni Toshkentda tomoshabinlarga Litvaning «Ko‘z yumish kerakligini esla» psixologik dramasi, Fransiyaning «Qor qoplonini izlab» hujjatli filmi hamda kompozitor Ennio Morrikone ijodiga bag‘ishlangan Italiyaning “Ennio” hujjatli filmi taqdim etiladi.
24 oktyabr kuni dasturdan Kiprning «Vasilis Mixailidis — Yashirin shamollar» hujjatli filmi, Sloveniyaning “Nika” sport dramasi va Gretsiyaning «Plyush ayiq hayotidan bir kun» filmi o‘rin olgan.
So‘nggi film Shanxay bo‘ylab sayr davomida xitoylik skripkachi Lyu Szinsi va grek meʼmori Panosning tanishib qolishi haqida hikoya qiladi.
25 oktyabr kuni Lyuksemburgning «Agar men bo‘lmasam-chi» tragikomediyasi, basketbolchi Ulyana Semyonova yoshligi haqidagi Latviyaning “Ulya” biografik filmi hamda huquq fakultetida tahsil olayotgan yetti nafar talaba o‘rtasidagi do‘stlik haqidagi Ruminiyaning «Yuridik fakultet to‘dasi» filmi namoyish etiladi.
27 oktyabr kuni Urganchda tomoshabinlar Fransiya va Lyuksemburg hamkorligida ishlangan «Bog‘dagi qayiq» animatsion filmini, otasining shafqatsiz tarbiyasidan himoya izlayotgan 12 yoshli qiz haqidagi Germaniyaning “Karla” dramasini, shuningdek, Gretsiyaning «Plyush ayiq hayotidan bir kun» filmini ko‘rishlari mumkin.
Festivalning qo‘shimcha dasturi doirasida 28 oktyabr kuni talabalar uchun qisqa metrajli filmlar namoyishi ham tashkil etiladi. Ushbu tadbir O‘zbekistondagi Britaniya kengashi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.
Shuningdek, Moc Hub madaniy makonida ochiq kinonamoyishlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.