O‘zbekiston

Farg‘ona viloyati va Kanson yangi loyihalarni muhokama qildi

Farg‘ona viloyati va Kanson yangi loyihalarni muhokama qildi
Farg‘ona viloyati va Kanson yangi loyihalarni muhokama qildi / Foto: Farg'ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Seul shahri Kanson tumani hokimi Jin Gyo Xun bilan uchrashdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya va taʼlim sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Muzokaralar davomida innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar sohasida tajriba almashish, shuningdek, taʼlim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Seulning g‘arbiy qismida joylashgan Kanson Janubiy Koreya poytaxtining jadal rivojlanayotgan tumanlaridan biri hisoblanadi. Tuman zamonaviy transport va ijtimoiy infratuzilma, shuningdek, salmoqli ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatga ega.

Tumanning asosiy maydonlaridan biri Magok innovatsion klasteri hisoblanadi. Ilgari asosan qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanilgan hudud Seul hukumati tomonidan yuqori texnologiyali kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot markazlari, biznes obyektlari, turar joy majmualari va ijtimoiy infratuzilmani birlashtirgan zamonaviy klasterga aylantirilgan.

Uchrashuv ishtirokchilari Magok tajribasini o‘rganish, innovatsion va texnologik kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, shuningdek, istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyatining iqtisodiy va investitsiya salohiyati, shuningdek, hududda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, u Kanson tumani ishbilarmon doiralari vakillarini Farg‘ona viloyati bilan faol hamkorlik qilishga taklif qildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirish va keyingi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilashga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.