O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

O‘zbekiston jahon reytingida 37-o‘ringa ko‘tarildi

Dilafro'z Niyazova · 08.09.2026 · 10:40 · 38 views
O‘zbekiston jahon reytingida 37-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston jahon reytingida 37-o‘ringa ko‘tarildi / Foto: UNDP.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 2026 yilgi Global Peace Index reytingida 163 ta davlat orasida 37-o‘rinni egalladi va o‘tgan yilgi reytingga nisbatan 30 pog‘ona yuqoriladi. Mamlakat 1,726 ball to‘plab, tinchlikparvarlik ko‘rsatkichi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘ldi. Bu haqda Iqtisodiyot va tinchlik instituti (IEP) tomonidan eʼlon qilingan Global Peace Index 2026 hisobotida maʼlum qilindi.

Bir yil avval O‘zbekiston 1,926 ball natija bilan 67-o‘rinda edi. Shu tariqa, yangi reytingda mamlakat o‘z mavqeini sezilarli darajada yaxshiladi.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari orasida Qozog‘iston 1,771 ball bilan 44-o‘rinni, Tojikiston 1,799 ball bilan 47-o‘rinni, Qirg‘iziston 1,853 ball bilan 61-o‘rinni, Turkmaniston esa 1,903 ball bilan 66-o‘rinni egalladi.

Global Peace Index davlatlarning tinchlikparvarlik darajasini 23 ta sifat va miqdor ko‘rsatkichi asosida baholaydi. Ular uchta asosiy yo‘nalishga birlashtirilgan. Bular xavfsizlik va jamoat tartibi, davom etayotgan ichki va xalqaro mojarolar, shuningdek, harbiylashuv darajasidan iborat.

Birinchi guruh ko‘rsatkichlari jamoat xavfsizligining holati, jinoyatchilik va siyosiy beqarorlik bilan bog‘liq omillarni hisobga oladi. Ikkinchi guruh ichki va xalqaro mojarolar, ularning davomiyligi va jadalligi, shuningdek, davlatlarning tashqi mojarolarga jalb etilganlik darajasini qamrab oladi. Uchinchi yo‘nalish harbiy xarajatlar, qurolli kuchlar va harbiy salohiyat bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi.

Umuman, reyting dunyo aholisining 99,7 foizini qamrab oluvchi 163 ta mustaqil davlat va hududni o‘z ichiga oladi. IEP maʼlumotlariga ko‘ra, 2026 yilda jahonda tinchlikparvarlik darajasining pasayishi davom etgan: 99 ta davlat o‘tgan yilga nisbatan kamroq tinchlikparvar bo‘lgan.

Eʼlon qilingan reytingda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning boshqa barcha davlatlaridan ham o‘zib ketdi. Undan keyin Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston joylashdi.

Global Peace Index‘ga bag‘ishlangan materiallarda tinchlik va xavfsizlik ko‘rsatkichlari jamiyatlar va iqtisodiyotlar rivojlanadigan kengroq sharoitlarni baholashda qo‘llanilishi qayd etilgan. Shu bilan birga, indeksning o‘zi davlatlarning turistik jozibadorligini emas, balki belgilangan ko‘rsatkichlar to‘plami asosida mamlakatlarning tinchlikparvarlik darajasini o‘lchaydi.