“Bunyodkor” stadioni qarzdorlik sabab elektrdan uzildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioni 4 sentyabrdan qarzdorlik sabab to‘liq elektr taʼminotidan uzildi. Elektr taʼminotidagi uzilishlar tufayli stadion hududida joylashgan O‘zbekiston Professional futbol ligasi (PFL) ofisi vaqtincha masofaviy ishlash tartibiga o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi xabar berdi.
Elektr energiyasining uzilishi PFL serverlarining to‘liq to‘xtashiga olib keldi. Natijada Superliga va Pro-liga uchrashuvlari, shuningdek, futbol o‘yinlarining internet translyatsiyalarini amalga oshirishda muammolar yuzaga keldi.
Odatda rasmiy o‘yinlar vaqtida liga televizion signallarni qabul qilib, ularni markazlashtirilgan holda turli platformalarga uzatadi. Biroq elektr taʼminoti mavjud emasligi sababli PFLning o‘z server infratuzilmasi ishlashdan to‘xtagan.
O‘yinlardan televizion signallarni qabul qilish va keyinchalik uzatish uchun tashkilot endi tashqi serverlardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu stadionda elektr taʼminoti bilan bog‘liq muammolarga qaramay, translyatsiyalarni davom ettirish imkonini bermoqda.
PFL yuzaga kelgan vaziyat tufayli translyatsiya jarayoni va internet translyatsiyalarining sifati pasayishi mumkinligidan ham ogohlantirdi.
Professional futbol ligasiga murojaat qilishi zarur bo‘lgan tashkilotlar va fuqarolardan vaqtincha murojaatlarini elektron pochta orqali yuborish so‘raldi.
Stadionning elektr taʼminoti qarzdorlik sabab 4 sentyabr kuni to‘liq to‘xtatilgan. 7 sentyabr holatiga ko‘ra, vaziyat o‘zgarmagan.