O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Sport

O'zbekiston U20 Osiyo Kubogi saralash bosqichini g'alaba bilan boshladi

Dilafro'z Niyazova · 31.08.2026 · 23:30 · 29 views
O'zbekiston U20 Osiyo Kubogi saralash bosqichini g'alaba bilan boshladi
O'zbekiston U20 Osiyo Kubogi saralash bosqichini g'alaba bilan boshladi / Foto: UFA.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston U20 terma jamoasi 2027 yilgi Osiyo kubogi saralash bosqichidagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. Dushanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan B guruhidagi uchrashuvda O‘zbekiston Bangladeshni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu haqda Osiyo futbol konfederatsiyasi xabar berdi.

O‘zbekiston 19-daqiqada hisobni ochdi. Aslbek Abdurasulovning zarbasi bloklanganidan so‘ng to‘p Quvanishbek Saydaliyevga qaytdi. Uning zarbasi Bangladesh himoyachisi Md Raysul Islom Rohidga tekkanidan keyin to‘p darvoza to‘riga borib tushdi.

Mezbonlar ikkinchi golni ikkinchi bo‘lim boshlanganidan keyingi birinchi daqiqada urdi. Saydaliyev jarima maydoniga aniq uzatma berdi, Abrayev Quvonchbek esa hech qanday qarshiliksiz bosh bilan zarba berib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

B guruhining boshqa uchrashuvida Hindiston terma jamoasi Suriyani minimal hisobda — 1:0 mag‘lub etdi.

1994 yil Osiyo chempioni bo‘lgan Suriya terma jamoasi uchrashuvni faol boshladi, biroq hindistonliklar himoyada ishonchli harakat qildi. Birinchi bo‘lim gollarsiz yakunlandi.

Tanaffusdan so‘ng Suriya hujumlarni davom ettirdi. 69-daqiqada Ahmad Xalaf to‘pni darvozaga yo‘lladi, ammo ofsayd sababli gol hisobga olinmadi. Ikki daqiqa o‘tib, o‘sha futbolchi Alan Mamadan uzatilgan to‘pdan keyin bosh bilan zarba berib, to‘pni darvoza to‘siniga tekkizdi.

Hindiston o‘z imkoniyatidan 86-daqiqada foydalandi. Singamayum Shami Md Arbashning uzatmasidan keyin suriyalik himoyachilarning ishonchsiz harakatidan foydalanib, to‘pni darvozaga jo‘natdi va jamoasiga uch ochko keltirdi.