7
O‘zbekiston

O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni himoya qilish kuchaytiriladi

O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni himoya qilish kuchaytiriladi
O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni himoya qilish kuchaytiriladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning sudga qadar tergov va sud muhokamasi jarayonlarida himoyasini taʼminlash kafolatlari kuchaytiriladi.

Tegishli chora-tadbirlar Prezidentning 2026 yil 14 oktyabrdagi PQ-375-son qarorida belgilangan bo‘lib, hujjat bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq, Samarqand shahrida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi huzurida “Najot” bolalar markazi tashkil etiladi.

Markaz bola manfaatlarini hisobga olgan holda zarur tartib-taomillarni tashkil etishni nazarda tutuvchi xalqaro Barnahus modeli asosida faoliyat yuritadi.

2026 yil 20 oktyabrdan boshlab markazda jinsiy erkinlik va jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar, shuningdek, shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga qaratilgan jinoyatlardan jabrlangan bolalar bilan protsessual harakatlar o‘tkaziladi. Bu Samarqand viloyatidagi ishlar bo‘yicha jabrlanuvchi deb topilgan bolalarga taalluqli.

Markazda so‘roq qilish, ekspert tekshiruvlari uchun namunalar olish, ekspertizalar o‘tkazish, tanib olish va boshqa zarur protsessual harakatlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Bolalar bilan ishlash psixolog xulosasi asosida va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan prokuror ishtirokida amalga oshiriladi.

Barcha protsessual harakatlar audio va videoyozuv orqali qayd etilishi shart. Ushbu yozuvlar jinoyat ishi bo‘yicha dalil sifatida eʼtirof etiladi. Bu bolani sudga qayta chaqirish zaruratining oldini olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, qarorda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolaning qonuniy vakili ishtirokisiz gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, ularning qarindoshlari va himoyachilari bilan bevosita uchrashuvi taqiqlangan.

Samarqand tajribasi asosida Barnahus modelini mamlakatning boshqa hududlarida ham joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab bolalar bilan ishlash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar korpusini shakllantirish rejalashtirilgan. Jinoyat ishiga jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida jalb qilingan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.

Shuningdek, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, ularga ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan 1246 maxsus telefon liniyasi yagona 112 dispetcherlik xizmati bilan integratsiya qilinadi.

Maʼlumotlar almashinuvi «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali tashkil etiladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.