O‘zbekiston

O‘zbekiston Senati «Markaziy Osiyo – Xitoy» shartnomasini maʼqulladi

O‘zbekiston Senati «Markaziy Osiyo – Xitoy» shartnomasini maʼqulladi
O‘zbekiston Senati «Markaziy Osiyo – Xitoy» shartnomasini maʼqulladi / Foto: Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yigirmanchi yalpi majlisida “Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani (Ostona, 2025 yil 17 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur Shartnoma “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida imzolangan birinchi ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma hisoblanib, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilab beradi.

Shartnomada davlatlarning suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillari asosida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, hujjatda siyosiy muloqot mexanizmlarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini kuchaytirish, energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, “yashil” taraqqiyot va gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish belgilangan.

Shartnomaning amalga oshirilishi Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini barpo etish, transport yo‘laklarini rivojlantirish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, “Elektron Ipak yo‘li” savdo platformasini rivojlantirish kabi muhim loyihalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Senatorlarning fikricha, Qonun O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport va tranzit salohiyatini oshirish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.