Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent Botanika bog‘ining bufer hududida 50 sotix maydonni egallagan uchastkada suv havzasini barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Bunda bog‘ning daraxt va butalardan iborat ilmiy kolleksiyasiga zarar yetkazilmayapti. Bu haqda Fanlar akademiyasi Axborot xizmati maʼlum qildi.
Agentlik maʼlum qilishicha, suv havzasi barpo etilayotgan uchastka Botanika bog‘ining kolleksiya hududlariga kirmaydi. Unda asosan tabiiy holda o‘sadigan o‘simliklar, jumladan, qoraqat, qamish va boshqa yovvoyi turlar mavjud.
Fanlar akademiyasi maʼlumotiga ko‘ra, ishlar olib borilayotgan hududda Botanika bog‘ining ilmiy kolleksiyasiga kiruvchi daraxt va butalar mavjud emas.
Ishlar ekologiya sohasi mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Ishlarni tashkil etishda ekologik talablar hisobga olinmoqda, shuningdek, mavjud yashil hududlarga zarar yetkazilishining oldini olish nazorat qilinmoqda.
Suv havzasini barpo etishdan asosiy maqsad suv o‘tlari ekotizimini, shuningdek, suv havzalari yaqinida o‘sadigan daraxt va butalarni shakllantirish hamda o‘rganishdan iborat. Olingan natijalar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Ilmiy vazifasidan tashqari, yangi suv havzasi Botanika bog‘i hududida mikroiqlim barqarorligini saqlashga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Fanlar akademiyasi Axborot xizmati, shuningdek, OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini axborot tarqatishda ishonchli va rasmiy manbalarga tayanishga hamda tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.