Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Yuta universiteti geologiya va tog‘-kon sanoati sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar 2026 yil 2 oktyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov, vazirlik vakillari hamda O‘zbekiston Geologiya milliy universiteti rahbariyati ishtirok etdi. Amerika delegatsiyasiga Yuta universitetining global aloqalar bo‘yicha prorektori va xalqaro ishlar bo‘yicha katta xodimi Rendi Makkrillis boshchilik qildi.
Uchrashuv avvalida Yuta universiteti vakillari O‘zbekiston tomoniga qabul uchun minnatdorlik bildirib, universitet va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri geologiya va tog‘-kon sohalarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish bo‘ldi. Vazirlik vakillari, shuningdek, soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda zamonaviy texnologik yo‘nalishlar bilan bog‘liq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligini muhokama qildi.
O‘z navbatida, Yuta universiteti vakillari taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Xususan, tog‘-kon sanoati uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar taʼlim, ilm-fan va texnologiya sohalaridagi aloqalarni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.