O‘zbekiston

O‘zbekiston Rossiyada jarohatlangan fuqaroni Vatanga qaytarishga yordam berdi

O‘zbekiston Rossiyada jarohatlangan fuqaroni Vatanga qaytarishga yordam berdi
O‘zbekiston Rossiyada jarohatlangan fuqaroni Vatanga qaytarishga yordam berdi / Foto: O‘zbekiston TIV.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Rossiyadagi Bosh konsulxonasi Migratsiya agentligi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Rossiya janubidagi konsullik okrugi hududida ishlash vaqtida og‘ir jarohat olgan O‘zbekiston fuqarosini Vatanga qaytarishga ko‘maklashdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Baxtsiz hodisa oqibatida D.U. ismli fuqaro turli darajadagi ko‘plab jarohatlar olgan va mintaqa tibbiy muassasasiga yotqizilgan. U yerda unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, davolash ishlari olib borilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni uni O‘zbekistonga olib kelish ishlarini tashkil etdi. Jabrlangan fuqaroning sog‘lig‘i holati va davolovchi shifokorlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda, uni tibbiy evakuatsiya orqali Vatanga olib kelishga qaror qilindi.

Fuqaroni kuzatib borish uchun O‘zbekistondan Rossiyaga ikki nafar tibbiy mutaxassis keldi. Ular parvoz davomida zarur tibbiy kuzatuvni taʼminladi.

Tashkiliy ishlar yakunlanganidan so‘ng fuqaro tibbiy xodimlar hamrohligida Mineralniye Vodi — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviareys orqali O‘zbekistonga jo‘natildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.