Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) va Avstraliyada 2026 yilgi ayollar Osiyo Kubogining Mahalliy tashkiliy qo‘mitasi rahbariyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 2029 yilgi ayollar Osiyo Kubogiga tayyorgarlik masalalariga qaratildi.
Ishtirokchilar bo‘lajak musobaqaning asosiy tashkiliy masalalarini, jumladan, infratuzilmani tayyorlash, logistika va transport taʼminotini muhokama qildi.
Shuningdek, jamoalar va rasmiy delegatsiyalar uchun zarur sharoitlarni yaratish, musobaqani samarali boshqarish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.
Avstraliyada 2026 yilgi ayollar Osiyo Kubogining Tashkiliy qo‘mitasi vakillari turnirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ular tashkiliy ishlarning asosiy bosqichlari, operatsion jarayonlar hamda turli yo‘nalishlar o‘rtasidagi hamkorlik haqida maʼlumot berdi.
Avstraliyada musobaqani o‘tkazishda qo‘llanilgan amaliy yechimlarga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonda turnirga tayyorgarlik ko‘rishda xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.
Jumladan, ayollar futbolini yana-da rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni 2029 yilgi Osiyo Kubogiga tayyorgarlik jarayoniga integratsiya qilish masalasi muhokama qilindi.
O‘tkazilgan uchrashuv turnir tashkilotchilari o‘rtasida amaliy tajriba almashish va O‘zbekistonning qitʼa musobaqasini o‘tkazishga tayyorgarligining asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun maydon bo‘ldi.