Iqtisod

O‘zbekistonda 1 milliondan ortiq I-REC(E) sertifikati chiqarildi

O‘zbekistonda 1 milliondan ortiq I-REC(E) sertifikati chiqarildi
O‘zbekistonda 1 milliondan ortiq I-REC(E) sertifikati chiqarildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil 2 oktyabr holatiga ko‘ra, 1 018 453 ta xalqaro «yashil energiya» I-REC(E) sertifikati chiqarildi. Sertifikatlar emissiyasi hajmi 2025 yil davomida chiqarilgan 446 520 ta sertifikat ko‘rsatkichidan qariyb 2,3 baravar oshdi.

Sertifikatlar sonining ko‘payishi mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayoni doirasida korxonalarning qayta tiklanuvchi manbalardan ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanishga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

2026 yilda I-REC(E) sertifikatlaridan foydalangan yirik korxonalar qatorida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sanoatqurilishbank, «UZAUTO MOTORS» AJ, “Uzbektelecom” AJ, Agrobank va “O‘zbekneftegaz” AJni qayd etdi.

Sertifikatlar hajmining salmoqli qismi “O‘zbekneftegaz” AJ buyurtmasi asosida amalga oshirilgan operatsiya hisobiga to‘g‘ri keldi. “O‘zbekgidroenergo” AJ kompaniya uchun 800 000 ta I-REC(E) sertifikatini chiqardi.

I-REC(E) xalqaro sertifikatlari isteʼmol qilingan elektr energiyasining muayyan hajmi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarilganini hujjatli tasdiqlash uchun qo‘llaniladi. Korxonalar, shuningdek, ushbu maʼlumotlarni ekologik, ijtimoiy va korporativ faoliyat jihatlari bilan bog‘liq ESG hisobotlarida aks ettirishi mumkin.

Bundan tashqari, bunday sertifikatlardan foydalanish eksport bozorlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun ham ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, chunki ular ishlab chiqarish jarayonlarida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanilganini hujjatli tasdiqlash imkonini beradi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligida taʼkidlanishicha, I-REC(E) tizimi energetik transformatsiya va dekarbonizatsiya jarayonlarida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sertifikatlar kompaniyalarga qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishini namoyish etish va tegishli amaliyotlarning shaffofligini taʼminlash imkonini beradi. Shu bilan birga, ular barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash va iqlim bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga xizmat qiladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.