Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil apparati Toshkentdagi kompaniyaga nisbatan qo‘llanilgan jarimani bekor qilishga erishdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya rahbari P.P. chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarini buzganlik uchun unga jarima qo‘llanilganidan so‘ng biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.
Bunga Milliy gvardiya xodimining qarori sabab bo‘lgan. U kompaniya xodimlari Yunusobod tumanidagi dorixona yonida axlat tashlagan, deb hisoblagan. Biroq chiqindilar bo‘lgan hudud kompaniyaga tegishli bo‘lmagan.
Tadbirkor o‘zaro hamkorlikni boshlashdan oldin mazkur muloqotni “Biznes-himoya” QR-kodi yordamida «Yagona davlat nazorati» tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilgan. Biroq Milliy gvardiya xodimi bu talabni inobatga olmagan.
Shunga qaramay, u kompaniya rahbariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 91−1-moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirgan. Tadbirkorga 20,6 million so‘m miqdorida jarima tayinlangan.
Biznes-ombudsman apparati davlat xizmatchilari biznes vakillari bilan bo‘lgan barcha aloqalarni, jumladan, rasmiy tekshiruv o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan muloqotlarni ham «Yagona davlat nazorati» tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishi shartligini eslatdi.
Tegishli tartib joriy yil aprel oyida Prezident farmoni bilan belgilangan.
Aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish maqsadida biznes-ombudsman Toshkent shahar Milliy gvardiya boshqarmasiga taqdimnoma kiritdi.
Xizmat tekshiruvi natijasida tadbirkorga qo‘llanilgan jarima bekor qilindi. Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.