Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Gobi Partners kompaniyasi vakili Chibo Tang O‘zbekistondagi BioPharma City farmatsevtika klasteri investitsiyaviy va texnologik imkoniyatlari bilan tanishdi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
23 sentyabr kuni Chibo Tang va Agentlik direktori Abdulla Azizov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv ishtirokchilariga mamlakatda farmatsevtika sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya imkoniyatlari, shuningdek, farmatsevtika va biotexnologiya sohalarida zamonaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuvda BioPharma City‘ni rivojlantirish konsepsiyasi, uning ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish infratuzilmasi, shuningdek, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, tadqiqot va ishlanmalar (R&D), biotexnologiya hamda klinik tadqiqotlar sohalarida hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildi.
Boshqa yo‘nalishlar qatorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.