Iqtisod

O‘zbekiston va Xitoy SHUARi ishbilarmonlik hamkorligini kuchaytirmoqda

O‘zbekiston va Xitoy SHUARi ishbilarmonlik hamkorligini kuchaytirmoqda
O‘zbekiston va Xitoy SHUARi ishbilarmonlik hamkorligini kuchaytirmoqda  / Foto: O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga palata vitse-prezidenti Chen Yuylin rahbarlik qildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Sherzod Ibragimov va rais maslahatchisi Jamil Maqsudiy ishtirok etdi.

Xitoy delegatsiyasi tarkibidan SHUARda bezak sanoati, qurilish, alyuminiy ishlab chiqarish, paxta savdosi va agrotexnologiyalar sohalarida faoliyat yurituvchi yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari o‘rin oldi.

Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama va mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash masalalarini, shuningdek, to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik, sog‘liqni saqlash hamda logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va SHUAR Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash imkoniyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Hujjat ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tashrif doirasida Xitoy delegatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi taklifiga binoan Nukus shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadi. Shuningdek, SHUAR vakillari hududdagi qator yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish va uni yangi amaliy tashabbuslar bilan boyitishga tayyor ekanini bildirdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.