Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 sentyabr kuni aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risida qaror imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjatda 7 sentyabr kuni suyultirilgan gaz sohasini qayta tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda belgilangan chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Islohotlar soha moliyaviy shaffofligini oshirish va uni bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazishga qaratilgan.
“Hududgaztaʼminot” AJ muassisligida LPG-Trade sho‘ba korxonasi tashkil etiladi. Kompaniyaning asosiy vazifasi aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlashdan iborat bo‘ladi.
Qarorda suyultirilgan gazni ulgurji realizatsiya qilishni bosqichma-bosqich birja savdolariga o‘tkazish ham nazarda tutilgan. Bu talab O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yoqilg‘iga ham, import qilinadigan hajmlarga ham tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, yetkazib beruvchilar suyultirilgan gazni o‘zlarining taqsimlash punktlari orqali chakana sotish imkoniyatini saqlab qoladi. Aholini propan bilan taʼminlovchi kompaniyalar uni bevosita birjadan xarid qilishi yoki xorijdan import qilishi mumkin bo‘ladi.
Sohada suyultirilgan gaz yetkazib berishni kross-subsidiyalashdan bosqichma-bosqich voz kechish rejalashtirilmoqda. Uning o‘rniga ehtiyojmand aholi qatlamlariga manzilli moddiy yordam joriy etiladi.
Bundan tashqari, xonadonlarni suyultirilgan gaz bilan taʼminlash jarayoniga xususiy sektor ham bosqichma-bosqich jalb etiladi. Bu sohada raqobat muhitini shakllantirish imkonini berishi kutilmoqda.