Iqtisod

Mirziyoyev Lotte Group raisi bilan uchrashdi

Mirziyoyev Lotte Group raisi bilan uchrashdi
Mirziyoyev Lotte Group raisi bilan uchrashdi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida “Lotte Group” raisi Shin Don Binni qabul qildi.

Oʻzbekiston yetakchisi kompaniya Koreyaning mamlakatimizdagi eng yirik investorlaridan biri ekanini, koʻp yillardan buyon samarali hamkorlik olib borilayotganini taʼkidladi. Ustyurt gaz-kimyo majmuasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani alohida qayd etildi.

Yurtimizda Koreyaning ilgʻor texnologiyalari asosida developerlik loyihalarini amalga oshirish masalalari hamda mis folgasi ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Prezidentimiz kompaniyaning mamlakatimizdagi turizm markazlarini boshqarish va mehmonxona biznesida xizmatlar sifatini oshirish borasidagi rejalarini qoʻllab-quvvatladi.

Yakunda ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirish jarayonini monitoring qilib borish maqsadida ishchi guruh tuzish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.