O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

“Korzinka” Pedro Martinyoni bosh direktor etib tayinladi

Dilafro'z Niyazova · 02.09.2026 · 12:35 · 32 views
“Korzinka” Pedro Martinyoni bosh direktor etib tayinladi
“Korzinka” Pedro Martinyoni bosh direktor etib tayinladi / Foto: “Korzinka”.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i kompaniya Kuzatuv kengashi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro qidiruv natijalariga ko‘ra, Pedro Martinyoni bosh direktor lavozimiga tayinladi. Pedro Toshkentga ko‘chib kelgan va 2026 yil 2 sentyabr kuni rasman lavozimiga kirishgan. Bu haqda “Korzinka” xabar berdi.

Kompaniyaning yangi rahbari Polsha, Portugaliya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Ozarbayjonning yetakchi oziq-ovqat chakana savdo tarmoqlarida 30 yildan ortiq ish tajribasiga ega. Faoliyati davomida u savdolarni boshqarish, merchandayzing, xaridorlar bilan ishlash, taʼminot zanjiri, raqamli yechimlar va do‘konlarni boshqarish sohalarida tajriba orttirgan.

“Korzinka”ga qo‘shilishidan oldin Martinyo Polshadagi Eurocash Group kompaniyalar guruhida ishlagan va 2003 yilda uning Boshqaruv kengashi tarkibiga kirgan. U do‘konlar tarmog‘ini kengaytirish, logistika va texnologiyalarga investitsiyalar kiritish orqali kompaniya faoliyatini kengaytirish jarayonlarida ishtirok etgan. Martinyoning Eurocash‘dagi so‘nggi lavozimi Polshadagi yetakchi oziq-ovqat onlayn-riteyl kompaniyasi Frisco.pl bosh direktori bo‘lgan.

“Korzinka” asoschisi, Kuzatuv kengashi raisi va kompaniyaning asosiy aksiyadori Zafar Hoshimov Pedroni mahalliy bozorni chuqur biladigan mutaxassislar hamda riteyl sohasida xalqaro tajribaga ega rahbarlarni birlashtirgan jamoada qarshi olishdan mamnun ekanini taʼkidladi.

Martinyoning o‘zi O‘zbekistonda bundan 20 yildan ortiq vaqt avval Polsha bozorini jozibador qilgan jihatlarni ko‘rayotganini bildirdi. U dinamik iqtisodiyot, aholi sonining tez o‘sishi, isteʼmolchilarning ortib borayotgan talablari va iqtisodiy islohotlar bilan mustahkamlangan uzoq muddatli salohiyatni alohida qayd etdi.

“Korzinka” — 1996 yilda tashkil etilgan O‘zbekistondagi yetakchi supermarketlar tarmog‘i. Kompaniyaning oziq-ovqat mahsulotlarini zamonaviy chakana savdo qilish bozoridagi ulushi eng yaqin raqobatchisining ulushidan to‘rt baravar yuqori. Kompaniya supermarketlar, «uy yonidagi» do‘konlar, Korzinka Go elektron savdo platformasi va Korzinka Biznes B2B yo‘nalishini o‘z ichiga olgan ko‘p formatli omnikanal modelni rivojlantirmoqda. Kompaniya xodimlari soni 16 ming nafardan ortiq.

2020 yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “Korzinka”ning minoritar investoriga aylandi. Bu YETTBning O‘zbekistonga o‘n yil ichida kiritgan birinchi investitsiyasi bo‘lgan. 2025 yilda kompaniya xalqaro investorlar — Abu Dhabi Uzbek Investment (ADUI) va Uzbek-Oman Investment Company (UzOman)dan kapitalga 110 million dollar miqdorida investitsiya jalb qildi.