O‘zbekiston bojxonasida sunʼiy intellektni joriy etish muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasida Birlashgan Arab Amirliklarining WEBB FONTAINE kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bojxona maʼmuriyatchiligini raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor axborot texnologiyalari, xatarlarni boshqarish va bojxona nazoratini takomillashtirish masalalariga qaratildi. Kun tartibidan, shuningdek, bojxona qiymatini aniqlash, tovarlarni tasniflash, tranzit tartib-taomillarini monitoring qilish va «Yagona darcha» tizimini rivojlantirish masalalari o‘rin oldi.
Bojxona organlari faoliyatida sunʼiy intellektdan foydalanish istiqbollari alohida mavzu sifatida ko‘rib chiqildi. Katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish, xatar indikatorlarini shakllantirish, qoidabuzarliklarni aniqlash va qaror qabul qilish jarayonini qo‘llab-quvvatlash imkonini beruvchi texnologik yechimlar muhokama qilindi.
Uchrashuvni ochar ekan, Bojxona qo‘mitasi raisi maslahatchisi I. Muxtorov bojxona maʼmuriyatchiligini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ustuvor vazifalar qatoriga kirishini taʼkidladi.
Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i E. Hakimov amaldagi axborot tizimlari, mavjud texnologik ehtiyojlar va texnik hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida maʼlumot berdi.
WEBB FONTAINE vakillari esa kompaniyaning zamonaviy yechimlarini taqdim etib, amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, ular bojxona boshqaruvini takomillashtirish va savdoni soddalashtirishga mo‘ljallangan platformalar, axborot tizimlari arxitekturasi hamda ularni milliy axborot tizimlari bilan integratsiya qilish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuv davomida bojxona qiymatini aniqlash va tovarlarni tasniflash masalalari ham batafsil ko‘rib chiqildi. Tomonlar taqqoslanadigan narxlarni tahlil qilish va bojxona qiymatining pasaytirib ko‘rsatilgan holatlarini aniqlash mexanizmlari bo‘yicha fikr almashdi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar tovarlarni TIF TNga muvofiq tasniflash, shuningdek, bojxonadan keyingi nazorat va audit tizimlarini yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.