O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Belarus va O‘zbekiston standartlar sohasida hamkorlik qiladi

Dilafro'z Niyazova · 21.08.2026 · 18:00 · 35 views
Belarus va O‘zbekiston standartlar sohasida hamkorlik qiladi
Belarus va O‘zbekiston standartlar sohasida hamkorlik qiladi / Foto: Belarus Davlat standarti.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Belarus va O‘zbekiston texnik tartibga solish, jumladan, standartlashtirish va metrologiya sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishni rejalashtirmoqda. Hamkorlik masalalarini Belarus Davlat standarti raisi Yelena Morgunova va O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Nuriddin Mamajonov muhokama qildi. Bu haqda Belarus idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat standartida qayd etilishicha, ikki davlat munosabatlari strategik sheriklik formatida rivojlanmoqda. Tomonlar oldiga 2030 yilga qadar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Idora vakillarining taʼkidlashicha, texnik tartibga solish tizimini rivojlantirish savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun bevosita ahamiyatga ega. Nuriddin Mamajonov mazkur sohani ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida tomonlar amaldagi hamkorlik natijalari va istiqbolli yo‘nalishlarni ko‘rib chiqdi. Hamkorlikning meʼyoriy-huquqiy bazasi qariyb 20 ta kelishuvni qamrab oladi.

Asosiy eʼtibor o‘zaro tovar yetkazib berish uchun shart-sharoit yaratishga, jumladan, savdo uchun sezgir bo‘lgan yo‘nalishlar va istiqbolli tovar pozitsiyalariga qaratilishi rejalashtirilmoqda.

Tomonlar, shuningdek, ikki davlat ekspertlari va biznes vakillari ishtirokida texnik tartibga solish bo‘yicha onlayn-seminar o‘tkazishga kelishib oldi. Bunday tadbirga ehtiyoj O‘zbekistonda texnik tartibga solish tizimi isloh qilinayotgani bilan bog‘liq. Ishtirokchilar amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida bevosita mutaxassislardan maʼlumot olish imkoniga ega bo‘ladi.

Uchrashuvda mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi hamkorlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni metrologiya sohasida tajriba almashishga qiziqish bildirdi.

Yelena Morgunova Belarus Davlat standarti hamkorlikni rivojlantirish, salohiyat va amaliy tajriba almashishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikni faollashtirish ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va kooperatsiya aloqalarini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi kerak.