Xitoylik investor Bag‘dod tumanidagi loyihaga 20 million dollar sarmoya kiritadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoylik investor Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida zamonaviy sanoat korxonalarini yaratishga taxminan 20 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda investorning Bag‘dod tumanida sanoat korxonasini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari hamda istiqboldagi investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Investor tomonidan Bag‘dod tumanida “GRANDHUNT 1688” xorijiy korxonasi tashkil etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani maʼlum qilindi. Loyiha doirasida temir konstruksiyalarini qayta ishlash, profnastil va sendvich panellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun Bag‘dod tumanidagi iqtisodiy zona hududidan 5 gektar yer maydoni ajratilishi rejalashtirilgan. Loyihaga qariyb 20 million dollar investitsiya kiritilib, mazkur hududda ikki bosqichda ikkita zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.
Ayni paytda loyihaning dastlabki bosqichi doirasida zarur texnologik uskunalarni olib kelish hamda temir konstruksiyalar va sendvich panellar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish ishlari boshlanmoqda. Keyingi bosqichda esa zamonaviy ishlab chiqarish zavodlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda investitsiya loyihasini samarali amalga oshirish uchun investorga belgilangan tartibda zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Viloyat hokimi istiqbolli loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirib, uni amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlik kelishuvi imzolandi.