Yandex Uzbekistan ilk National Transport Hackathon'ning hamkoriga aylandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Transport vazirligi, Raqamli transport markazi va Yandex Uzbekistan hamkorligida mamlakatdagi ilk National Transport Hackathon start oldi. Uch kun davomida ishtirokchilar transport sohasi uchun sun’iy intellektga asoslangan raqamli xizmat va yechimlarni ishlab chiqadi.
Xakaton transport sohasida sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ishtirokchilar aviatsiya, temir yo‘l va avtomobil transportida aholi mobilligini oshirishga xizmat qiladigan xizmatlar, Transport vazirligining axborot tizimlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, katta ma’lumotlarni tahlil qilish va ulardan samarali foydalanishga oid yechimlarni taqdim etadi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov transport sohasini raqamlashtirish mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonda yoshlarning bilim va tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, kelgusida National Transport Hackathon Transport vazirligining doimiy tadbirlaridan biriga aylanishi qayd etildi.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda vazirlik tomonidan 40 dan ortiq raqamli loyiha amalga oshirilmoqda. Vazirlikning axborot tizimlaridan har oy qariyb 5 million nafar foydalanuvchi foydalanadi, davlat tomonidan ko‘rsatiladigan 22 ta xizmat esa to‘liq raqamli formatga o‘tkazilgan. Keyingi bosqichda mazkur jarayonlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va xakaton bu borada amaliy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
«Bugun transport — bu faqat yo‘llar, avtomobillar yoki temir yo‘l emas. Uni rivojlantirishda ma’lumotlar, algoritmlar va sun’iy intellekt tobora muhim o‘rin tutmoqda. Ular safarlarni xavfsizroq, tezroq va qulayroq qilishga yordam beradi. Yandex'da biz har kuni shahar mobilligi servislarini rivojlantirish uchun mashinali o‘qitish, kartografiya texnologiyalari va katta ma’lumotlar tahlilidan foydalanamiz. Biz uchun ushbu tajribani ulashish va yosh mutaxassislar o‘z bilimlarini O‘zbekiston transport sohasidagi haqiqiy muammolarni hal qilishga yo‘naltira oladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhim», — dedi Yandex Uzbekistan strategik rivojlanish bo‘yicha vitse-prezidenti Sardor Qodirov.
Xakaton doirasida transport, sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va raqamli mahsulotlar sohasidagi ekspertlar ishtirokchilar bilan birgalikda mamlakat transport tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan prototip va xizmatlarni ishlab chiqadi.