Senat harbiy pensiyalar to'g'risidagi yangi qonunni ma'qulladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila aʼzolarining davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xizmatni munosib ragʻbatlantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur Qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolarining davlat pensiya taʼminotini milliy qonunchilik asosida kompleks tartibga solishga xizmat qiladi.
Muhokamada qayd etilganidek, shu vaqtga qadar mazkur sohadagi munosabatlar asosan sobiq Ittifoq davrida qabul qilingan huquqiy hujjatlar hamda ayrim xalqaro kelishuvlar asosida tartibga solib kelingan. Yangi Qonun esa mazkur munosabatlarni Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi talablari asosida huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.
Birinchi marta davlat pensiya taʼminoti huquqiga ega boʻlgan shaxslar doirasi, xizmat yillari uchun pensiya, nogironlik pensiyasi va boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlash shartlari, ularni hisoblash, qayta hisoblash va toʻlash tartibi yagona qonun darajasida belgilab qoʻyilmoqda.
Shuningdek, uzoq yillar davomida halol xizmat qilgan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy ragʻbatlantirishga qaratilgan muhim yangiliklar nazarda tutilgan. Xususan, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan shaxslar uchun pensiyani hisoblashning eng yuqori miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshirilmoqda.
Muhimi, mazkur ijtimoiy kafolatlar faqat kelgusida pensiyaga chiqadigan harbiy xizmatchilarga emas, balki bugungi kunda pensiya olayotgan, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilar, xodimlar va ularning oila aʼzolariga ham tatbiq etiladi.
Qonunda Vatan himoyasi yoʻlida xizmat qilgan insonlarning oilalarini ijtimoiy muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlashning huquqiy asoslari takomillashtirilib, harbiy xizmatchi xizmatni oʻtash davrida halok boʻlgan yoki xizmat davrida olgan jarohati yoki kasalligi oqibatida vafot etgan hollarda uning oila aʼzolarining davlat tomonidan pensiya bilan taʼminlanishiga oid kafolatlar mustahkamlanmoqda.
Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning xizmatini munosib qadrlash hamda oila aʼzolarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.