Moliya

O‘zbekistonda inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar eng past darajaga tushdi

O‘zbekistonda inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar eng past darajaga tushdi
O‘zbekistonda inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar eng past darajaga tushdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston aholisining inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari avgust oyida yana pasayib, kuzatuvlar olib borilgan butun davr uchun eng past ko‘rsatkichni yangiladi. Yaqin 12 oyda narxlar o‘sishi bo‘yicha o‘rtacha prognoz 9,8 foizni tashkil etdi. Bu iyun va iyul oylaridagi ko‘rsatkichdan 0,3 foiz punktga past. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki xabar berdi.

Mediana bahosi bir oy avval keskin oshib, 9 foizga yetganidan so‘ng yana 8 foizga tushdi.

Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar Farg‘ona viloyatida qayd etildi — 11,7 foiz. Keyingi o‘rinlarda 11,4 foiz bilan Toshkent shahri va 10,9 foiz bilan Surxondaryo viloyati turibdi. Eng past ko‘rsatkichlar Jizzax viloyatida — 8,1 foiz, Xorazm viloyatida — 8,4 foiz, shuningdek, Navoiy va Buxoro viloyatlarida — 8,6 foizdan qayd etildi.

Kasblar kesimida eng yuqori prognozlarni IT sohasi vakillari berdi — 11,4 foiz. Xizmat ko‘rsatish va transport sohalaridagi kutilmalar mos ravishda 11,1 va 10,9 foizni tashkil etdi. Eng past baholar qishloq xo‘jaligi xodimlari va talabalar orasida qayd etildi — 8,7 foizdan.

Narxlar o‘sishi bo‘yicha eng yuqori prognozni yana oylik daromadi 30 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar bildirdi — o‘rtacha 15,8 foiz. Daromadi 15–20 million so‘m bo‘lgan respondentlar orasida bu ko‘rsatkich 12,4 foizni, 7–15 million va 20–30 million so‘m daromadga ega guruhlarda esa 10,5 foizdan 11 foizgacha tashkil etdi.

Inflyatsiya bo‘yicha eng past kutilmalar oylik daromadi 2 million so‘mgacha bo‘lgan fuqarolar orasida — 7,9 foiz, shuningdek, 2–4 million so‘m daromadga ega fuqarolarda — 9 foiz qayd etildi.

Respondentlar narxlar o‘sishiga taʼsir ko‘rsatayotgan asosiy omillar sifatida kommunal xizmatlar tariflarining oshishi va energiya resurslari xarajatlarining ko‘payishini ko‘rsatdi. Ularni respondentlarning mos ravishda 53 va 52 foizi qayd etgan. Har ikki ko‘rsatkich iyul oyiga nisbatan biroz pasaygan.

Transport xarajatlari 32 foiz respondent tomonidan ko‘rsatilib, uchinchi o‘rinni egalladi. Narxlar o‘sishini ish haqi va nafaqalarning oshishi bilan bog‘lagan fuqarolar ulushi biroz ko‘payib, 28 foizni tashkil etdi. Valyuta kursidagi tebranishlar esa so‘nggi o‘rinda qolmoqda — ularni so‘ralganlarning 14 foizi qayd etgan.

Biznesning inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari ham pasayishda davom etdi. Tadbirkorlarning o‘rtacha prognozi 9,6 foizni tashkil etib, tegishli maʼlumotlar eʼlon qilina boshlanganidan buyon eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Ko‘rsatkich iyul oyiga nisbatan 0,2 foiz punktga, iyun oyiga nisbatan esa 0,3 foiz punktga pasaydi.

Tadbirkorlar o‘rtasidagi mediana bahosi aholi ko‘rsatkichi dinamikasini takrorladi: iyul oyida 9 foizga oshganidan so‘ng avgustda yana 8 foizga tushdi.

Hududlar kesimida biznes vakillari orasida eng yuqori inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar Qoraqalpog‘istonda qayd etildi — 11,5 foiz. Farg‘ona viloyati 11,4 foiz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyatida ko‘rsatkich 10,3 foizni, poytaxtda esa 9,9 foizni tashkil etdi.

Biznes vakillari orasida narxlar o‘sishi bo‘yicha eng past prognozlar Navoiy viloyatida — 8,3 foiz va Namangan viloyatida — 8,7 foiz qayd etildi.

Sohalar kesimida eng yuqori inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar tashish va taʼlim sohalarida — 10,9 foizdan, shuningdek, qishloq xo‘jaligida — 10,6 foiz qayd etildi. Hunarmandlarda bu ko‘rsatkich 7 foizni, savdo sohasida 8,7 foizni, qurilishda esa 9,2 foizni tashkil etdi.

Biznes uchun narxlar o‘sishining asosiy omili energiya resurslari xarajatlarining oshishi bo‘ldi. Bu omilni respondentlarning 55 foizi qayd etgan. Keyingi o‘rinlarda kommunal xizmatlar tariflari — 50 foiz va transport xarajatlari — 34 foiz turibdi.

Soliq yuki va valyuta kursidagi tebranishlarni inflyatsion bosim omillari sifatida tadbirkorlarning mos ravishda 15 va 14 foizi ko‘rsatgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.