O‘zbekiston

Nukusda 50 ming aholiga mo‘ljallangan yangi massiv qurilishi boshlandi

Nukusda 50 ming aholiga mo‘ljallangan yangi massiv qurilishi boshlandi
Nukusda 50 ming aholiga mo‘ljallangan yangi massiv qurilishi boshlandi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Nukus shahridagi “Ashshiko‘l” hududida 50 ming aholiga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston» — «Nukus siti» massivi qurilishi boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maʼlum qildi.

Prezidentning maʼlum qilishicha, 270 gektar maydonda zamonaviy arxitektura yechimlari va energiya tejamkor texnologiyalar asosida baland qavatli binolar, biznes, savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari, shuningdek, yashil hududlar barpo etiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi massivda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy investorlar jalb qilinadi.

Mirziyoyev, shuningdek, Nukusdagi Mustaqillik ko‘chasi sutka davomida faoliyat ko‘rsatadigan hududga aylanganini aytdi. 28 nafar tadbirkor faoliyati yo‘lga qo‘yilishi va yana 50 nafar tadbirkor faoliyati kengaytirilishi natijasida ko‘chadagi savdo aylanmasi bir hafta ichida ikki baravar oshgan.

Prezident Olmazor tumanidagi Kichkirik mahallasi tajribasi asosida Nur va Elabad mahallalarini obodonlashtirish, shuningdek, mahalliy bog‘da Navro‘z bayramiga qadar zamonaviy jamoat makoni yaratish vazifasini topshirdi.

U Kegeylida 3,5 kilometr ariqni yopish va xizmat ko‘rsatish sohasiga oid 100 ta obyekt qurish ishlari boshlanganini maʼlum qildi. Buning natijasida 320 ta ish o‘rni yaratiladi.

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, qolgan viloyatlar rahbarlariga ham Navro‘zga qadar biriktirilgan tumanlarda bittadan mahalla va bittadan markaziy ko‘chada shunga o‘xshash loyihalarni amalga oshirish topshirilgan.

Prezident obodonlashtirilgan ko‘cha va mahallalarga aholining o‘zi baho berishini taklif qildi. Agar aholi tomonidan maʼqullansa, ushbu ko‘chalarga ularni obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullangan viloyatlar nomini berish taklif etildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.