Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 19-yalpi majlisida O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash va nikohlar bekor qilinishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
So‘rov Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga yuborilgan edi. Muhokama davomida qayd etilganidek, 2026 yil 19 maydagi 257-sonli Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, mamlakatning 208 ta tumani va shahrida «Oila va xotin-qizlar markazlari» faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Nikoh qurishni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun «Oilaviy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorgarlik» nomli 16 soatlik dastur ishlab chiqilgan.
2025 yilda fuqarolik sudlari tomonidan nikohni bekor qilishga oid ishlar ko‘rib chiqilganda, 5235 ta holatda taraflarni yarashtirishga erishilgan.
2026 yilning birinchi yarmida bunday holatlar soni 2666 tani tashkil etgan.
2026 yilning dastlabki olti oyida mamlakatda 93 312 ta nikoh qayd etilgan. Shu davrda nikoh qurishga tayyorgarlik ko‘rayotgan 96 673 nafar yosh tegishli dastur bo‘yicha taʼlim olgan.
Nizoli vaziyatdagi oilalar bilan ishlash uchun ayol.gov.uz platformasida maxsus “Oila” moduli ishga tushirilgan. Bundan tashqari, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti oilaviy nizolarni erta aniqlash, bolalarni masʼuliyatli tarbiyalash va mediatsiyadan foydalanish bo‘yicha ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlagan.
Shu bilan birga, majlis ishtirokchilari hal etilmagan bir qator masalalar mavjudligini taʼkidladi. Xususan, 2026 yilda o‘tgan davr mobaynida oilaviy nizolar bo‘yicha atigi 151 ta mediatsiya kelishuvi tuzilgan.
Senatorlarning fikricha, bu ajrashishlarning oldini olish va oilaviy nizolarni o‘zaro kelishuv asosida hal etishda mediatorlar imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotganidan dalolat beradi.
Muhokama davomida senatorlar yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash sifatini va tegishli kurslarning amaliy samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar kiritdi. Shuningdek, nizoli oilalarga manzilli psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, erta nikohlarning oldini olish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Senat tegishli qaror qabul qildi.