Iqtisod

O‘zbekiston va UC Davis bog‘dorchilik sohasida hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va UC Davis bog‘dorchilik sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va UC Davis bog‘dorchilik sohasida hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Kaliforniya universitetining Devisdagi kampusi (UC Davis) uzumchilik va pista yetishtirish sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Hamkorlik masalalari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov va UC Davis huzuridagi Foundation Plant Services (FPS) direktori Maher Al Rvahniy tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining AQSHga ishchi tashrifi doirasida muhokama qilindi.

Tomonlar asosiy eʼtiborni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilgan istiqbolli o‘simlik materiallarini sinovdan o‘tkazish, keyinchalik ularni mamlakatda ko‘paytirish, shuningdek, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratdi.

Xususan, pistachilik sohasida mahalliy sharoitlar uchun istiqbolli deb baholanayotgan UCB-1 payvandtagini joriy etish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar urug‘lik materialni O‘zbekistonga olib kelish va sinovdan o‘tkazish, keyinchalik esa ota-ona liniyalari asosida mamlakatda urug‘chilik tizimini yaratish imkoniyatlarini o‘rgandi.

Hamkorlikning alohida yo‘nalishi uzumchilik bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari turli tuproq-iqlim sharoitlariga mo‘ljallangan zamonaviy uzum payvandtaglarini tajriba maydonlarida olib kelish va sinovdan o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqdi. Gap kasalliklar, nematodalar, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli materiallar haqida bormoqda.

Shuningdek, istiqbolli materiallarni bevosita O‘zbekistonda ko‘paytirish va keyinchalik amaliyotga joriy etish imkoniyati muhokama qilindi.

Bundan tashqari, UC Davis olimlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi avlod UCD GRN seriyasidagi payvandtaglarni mamlakatning turli hududlarida sinab ko‘rish salohiyati ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Hamkorlik istiqbolli o‘simlik materiallarini O‘zbekistonga olib kelish, ularni mahalliy sharoitda sinash va keyinchalik ko‘paytirishni qamrab oladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.