O‘zbekiston Afg‘onistonda biznes-missiya o‘tkazadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston korxonalari 2026 yil 19–22 sentyabr kunlari Mozori Sharif shahrida bo‘lib o‘tadigan biznes-missiyada ishtirok etishga taklif etilmoqda. Bu haqda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi xabar berdi.
Biznes-missiya “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan Eksportchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Safarning asosiy maqsadi Afg‘oniston bozori imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, mahalliy hamkorlar va salohiyatli xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat.
Missiya doirasida Afg‘oniston biznesi vakillari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Ishtirokchilar hamkorlik istiqbollari va mahsulotlarni Afg‘oniston bozoriga yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qilishlari mumkin.
O‘zbekistondan qurilish materiallari eksportini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Sohadagi korxonalar uchun safar bozor imkoniyatlarini o‘rganish va salohiyatli xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maydoniga aylanadi.
Afg‘oniston bozoriga chiqish va afg‘onistonlik kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor barcha korxonalar ishtirok etishga taklif etilmoqda.