Narendra Modi 29–30 avgust kunlari O‘zbekistonga keladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 29–30 avgust kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi. Toshkentda u prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi va universitetlardan birida bo‘ladi. Bu haqda Hindiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sibi Jorj maʼlum qildi.
Bu uning O‘zbekistonga to‘rtinchi tashrifi bo‘ladi. Tashrif davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qiladi. Kun tartibidan savdo va investitsiyalar, strategik ahamiyatga ega minerallar, sog‘liqni saqlash va taʼlim masalalari o‘rin oladi.
Shuningdek, kosmos va texnologiyalar, madaniyat hamda Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning boshqa sohalaridagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tomonlar Viksit Bharat 2047 va «O‘zbekiston — 2030» dasturlarida aks etgan taraqqiyotni rivojlantirish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ilgari surish yuzasidan fikr almashadi.
Hindiston bosh vaziri, shuningdek, Toshkentdagi Shastri yodgorligi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Mahatma Gandi markaziga tashrif buyurishi kutilmoqda.
O‘zbekistondagi tashrifini yakunlaganidan so‘ng Narendra Modi Qirg‘izistonga yo‘l oladi. U 31 avgust — 1 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) 26-sammitida ishtirok etadi.