O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Sport

Ispaniya U-17 O'zbekistonni 3:0 hisobida mag'lub etdi

Dilafro'z Niyazova · 27.08.2026 · 21:35 · 32 views
Ispaniya U-17 O'zbekistonni 3:0 hisobida mag'lub etdi
Ispaniya U-17 O'zbekistonni 3:0 hisobida mag'lub etdi / Foto: UFA.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Ispaniyadagi Albir shahrida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida Ispaniya terma jamoasiga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuv O‘zbekiston jamoasining 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi bo‘lajak Jahon chempionatiga tayyorgarligi doirasida o‘tkazildi.

Birinchi bo‘lim gollarsiz yakunlandi. Tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Sergey Chigodayev bir qator almashtirishlarni amalga oshirdi.

46-daqiqada Orifxonov, Mamatov va Tohirov maydonni tark etdi. Ularning o‘rniga O‘ktamboyev, Abdullayev va O‘ktamov maydonga tushdi.

Ispaniya 63-daqiqada hisobni ochdi. Gilyermo Ortega penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi.

80-daqiqada Chigodayev yana tarkibga o‘zgartish kiritdi. Ravshanov va Abdullayev o‘rniga Marupov va Sindarov maydonga tushdi.

Uchrashuv yakunida Ispaniya terma jamoasi yana ikki marta gol urdi. Qo‘shib berilgan vaqtning birinchi daqiqasida Roberto Tomas o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa, bir daqiqadan keyin Mixal Juk Yendjeyevska yakuniy hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi.

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida Ispaniyada o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etmoqda.