7
O‘zbekiston

O‘zbekiston Zagrebda Migratsiya agentligi vakolatxonasini ochadi

O‘zbekiston Zagrebda Migratsiya agentligi vakolatxonasini ochadi
O‘zbekiston Zagrebda Migratsiya agentligi vakolatxonasini ochadi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xorvatiya O‘zbekistonning Zagreb shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasini ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Bu haqda agentlik direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonovning Xorvatiya Tashqi va Yevropa ishlari vazirligi rahbariyati bilan o‘tkazgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha maʼlum bo‘ldi.

Yangi vakolatxona Xorvatiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatishi kutilmoqda. Bundan tashqari, u Sloveniya va Serbiya bilan migratsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muvofiqlashtiruvchi markaz vazifasini bajarishi mumkin.

Uchrashuv davomida tomonlar davlatlararo dasturlar doirasida Xorvatiyaga ishlash uchun borayotgan O‘zbekiston fuqarolariga viza hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish imkoniyatlarini ham muhokama qildi.

Xorvatiya tomoni tegishli tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha amaliy yechimlarni topish maqsadida konsullik muassasalari bilan birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishga kirishishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.