Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekistonda aviatsiya sohasida yangi jarimalar joriy etish taklif qilindi

O‘zbekistonda aviatsiya sohasida yangi jarimalar joriy etish taklif qilindi
O‘zbekistonda aviatsiya sohasida yangi jarimalar joriy etish taklif qilindi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Transport vazirligi fuqaro aviatsiyasi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar tizimini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali — SOVAZda joylashtirilgan bo‘lib, uni muhokama qilish 24 oktyabrga qadar davom etadi.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritiladigan o‘zgartirishlar havo transporti sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va parvozlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan.

Asosiy o‘zgarishlardan biri parvozlar xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni tartibga soluvchi 116-moddaga taalluqli. Ushbu moddani huquqbuzarlikning to‘rtta yangi turi bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Havo kemasini tegishli ruxsatnomasiz boshqarish yoki parvozlarni taʼminlash bilan bevosita bog‘liq faoliyatni tegishli ruxsatsiz amalga oshirish uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 10 baravari, yaʼni 4,4 mln so‘m miqdorida jarima belgilash rejalashtirilmoqda. Mancabdor shaxslar uchun jarima 20 BHM — 8,8 mln so‘mni tashkil etadi.

Yo‘lovchilar yoki yuklarning belgilangan sig‘im meʼyoridan oshirilgan holda, shuningdek, havo kemasining maksimal uchish massasi yoki markazlashuviga qo‘yilgan cheklovlar buzilgan holda parvozni amalga oshirish uchun 15 BHM, yaʼni 6,6 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llash taklif qilinmoqda.

Nosoz havo kemasida yoki undan foydalanish taqiqlangan holatda parvozni amalga oshirish 20 BHM — 8,8 mln so‘m miqdorida jarima bilan jazolanadi.

Samolyot yoki vertolyotdan tegishli ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yoxud tanib olish yoki ro‘yxatdan o‘tkazish belgilari bo‘lmagan holda foydalanganlik uchun 10 BHMdan 20 BHMgacha, yaʼni 4,4 mln so‘mdan 8,8 mln so‘mgacha jarima belgilash nazarda tutilmoqda.

Samolyot bortidagi xulq-atvor qoidalariga o‘zgartirishlar

Qonun loyihasida Kodeksning 117-moddasiga ham o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilgan. O‘zgartirishlar qabul qilingan taqdirda, ushbu modda havo kemasi komandiri yoki ekipaj aʼzolarining bortda harakatlanish qoidalariga rioya etishga oid ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlikni belgilaydi.

Birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarlik uchun 5–10 BHM, yaʼni 2,2 mln so‘mdan 4,4 mln so‘mgacha jarima tayinlash taklif etilmoqda.

Agar shunga o‘xshash huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori 15–20 BHMni, yaʼni 6,6 mln so‘mdan 8,8 mln so‘mgacha bo‘lgan summani tashkil etadi.

Shu bilan birga, samolyot bortida suratga olish, kino va video tasvirga tushirish qoidalarini buzish yoki radioaloqa vositalaridan foydalanish talablariga rioya etmaslik uchun alohida belgilangan jazo chorasini bekor qilish taklif etilmoqda.

Hozirda bunday harakatlar uchun 3–5 BHM, yaʼni 1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha jarima belgilangan.

Vazirliklar ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik

Yana bir yangilik — Transport vazirligi yoki Fuqaro aviatsiyasi agentligi (“O‘zaviatsiya”) ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlikni tartibga soluvchi 198-10-moddani joriy etish taklif qilinmoqda.

Birinchi marta qoidabuzarlik sodir etilganda, fuqarolarga 20 BHM, yaʼni 8,8 mln so‘m, mansabdor shaxslarga esa 50 BHM, yaʼni 22 mln so‘m miqdorida jarima solinishi mumkin.

Agar shaxs xuddi shunday huquqbuzarlik uchun takroran javobgarlikka tortilsa, jarima miqdori fuqarolar uchun 50 BHMga, mansabdor shaxslar uchun esa 100 BHMgacha oshiriladi.

Pul ifodasida bu tegishlicha 22 mln va 44 mln so‘mni tashkil etadi.

Taklif etilayotgan normalar hozircha qonun loyihasi maqomiga ega.

Yakuniy qarorlar hujjatni ko‘rib chiqish va 24 oktyabrda tugaydigan jamoatchilik muhokamasi natijalariga ko‘ra qabul qilinadi.

 

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.