O‘zbekiston

Buxoro hokimligi tarixiy markazda transport harakatiga cheklovlarni tushuntirdi

Buxoro hokimligi tarixiy markazda transport harakatiga cheklovlarni tushuntirdi
Buxoro hokimligi tarixiy markazda transport harakatiga cheklovlarni tushuntirdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro hokimligi shaharning tarixiy qismida yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallanmagan transport vositalari harakatini tartibga solish to‘g‘risidagi qarorga izoh berdi. Bunga «GOLF CAR BUKHARA» sahifasida ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan videomurojaat sabab bo‘ldi.

Shahar maʼmuriyati maʼlum qilishicha, cheklovlar, avvalo, harakat xavfsizligini taʼminlash va Buxoroning tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash zarurati bilan bog‘liq.

Hokimlik maʼlumotlariga ko‘ra, qaror tegishli tashkilotlarning taklif va xulosalari asosida qabul qilingan. Maʼmuriyat qaror ayrim fuqarolar yoki tadbirkorlarning faoliyatini cheklashga qaratilmaganini, balki shaharning tarixiy qismi hududida tartib, xavfsizlik va qonunchilik talablariga rioya etishni taʼminlash bilan bog‘liqligini taʼkidladi.

Murojaat tarqalganidan so‘ng hokimlikda qabul qilingan qarordan norozi bo‘lgan 30 nafardan ortiq fuqaro ishtirokida ochiq uchrashuv o‘tkazildi.

Maʼmuriyat vakillari ularning murojaatlarini tinglab, uchrashuv ishtirokchilarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini, shuningdek, cheklovlar bilan bog‘liq muammolarni o‘rgandi.

Muhokama yakunlariga ko‘ra, bir qator choralar belgilandi. Shaharning tarixiy qismida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Boshqa hududlarda esa velosipedlar va elektrosamokatlar uchun maxsus zonalar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, avval mazkur faoliyat bilan shug‘ullangan fuqarolarga muqobil ish bilan taʼminlanish variantlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Hokimlikda mazkur choralarni amalga oshirishda fuqarolarning qonuniy manfaatlari, ularning bandligi va farovonligi bilan bog‘liq masalalarni, shuningdek, Buxaroning tarixiy qiyofasini saqlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash va mahalliy aholi hamda sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish zaruratini hisobga olish rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.

Shahar maʼmuriyati mazkur masala bo‘yicha keyingi ishlar fuqarolar bilan muloqot va hamkorlik asosida davom ettirilishini maʼlum qildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.