Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oxangaron shahridagi 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 2023 yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi hasharotlarga qarshi vositadan zaharlanib, ikki kun o‘tib shifoxonada vafot etdi. Bu haqda 27 sentyabr kuni Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, bolaning buvisi autsorsing tashkiloti orqali bolalar bog‘chasida oshpaz bo‘lib ishlagan. 28 avgust kuni bola uning oldiga oshxonaga kirgan va u yerda hasharotlarga qarshi vositani ichib qo‘ygan. 30 avgust kuni bola shifoxonada vafot etgan.
Hozirda tarbiyalanuvchining oshxona hududiga qanday kirib qolgani, xavfli vosita nima sababdan bola yetishi mumkin bo‘lgan joyda saqlangani va uni saqlash uchun kim masʼul bo‘lgani aniqlanmoqda.
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi voqea bilan bog‘liq barcha holatlar sinchiklab tekshirilishini maʼlum qildi. Aybi aniqlangan shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilishi aytildi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 28 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini maʼlum qildi.
Mazkur norma kasbiy vazifalarni lozim darajada bajarmaslik oqibatida ehtiyotsizlik orqali inson o‘limiga sabab bo‘lganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Bosh prokuratura maʼlumotlariga ko‘ra, tergov doirasida bir nafar shaxs gumonlanuvchi maqomiga ega.