O‘zbekiston

O‘zbekiston va Belarus parlamentlararo hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Belarus parlamentlararo hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Belarus parlamentlararo hamkorlikni kengaytirmoqda / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekistonga To‘rtinchi O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumida ishtirok etish uchun kelgan Belarus Milliy majlisi Respublika kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar parlamentlararo muloqot va ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar davomida parlamentlar o‘rtasidagi muntazam hamkorlikka, ularning yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishdagi roliga, shuningdek, parlament qo‘mitalari va parlamentlararo hamkorlik guruhlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalasi ham alohida muhokama qilindi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika va to‘qimachilik sanoati, shuningdek, boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv ishtirokchilari biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro savdo hajmini oshirishda parlamentlar rolini kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.

Tomonlar, shuningdek, mehnat migratsiyasini tartibga solish va fuqarolarni qonuniy asosda ish bilan taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashdi. Ularning mehnat, tibbiy va ijtimoiy huquqlarini kafolatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar sohada taʼlim, sog‘liqni saqlash va turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni yana-da kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Xususan, Madaniyat kunlarini, rektorlar forumlari va tibbiyot forumlarini davom ettirish, shuningdek, yoshlar ishtirokidagi loyihalar va ikki mamlakat o‘quvchilari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar haqida so‘z bordi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston-Belarus ayollar biznes forumlari doirasida erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish, hududlararo aloqalarni mustahkamlash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro parlament platformalari doirasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

To‘rtinchi O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumi doirasida Xiva shahrida ikki mamlakat tashkilotlarining «Made in Uzbekistan» va «Made in Belarus» brendlari ostidagi milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Ikki kun davomida ko‘rgazmada O‘zbekiston va Belarusning vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari va korxonalari, shuningdek, ikki mamlakat ayol tadbirkorlarining loyihalari va tashabbuslari namoyish etildi.

Ekspozitsiya to‘qimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal va yog‘ochni qayta ishlash sanoati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarini qamrab oldi.

Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilarga ayollar tadbirkorligi loyihalari, IT ishlanmalar va innovatsion yechimlar, tibbiyot va kosmetika sanoati mahsulotlari, turistik salohiyat hamda mashinasozlik mahsulotlari taqdim etildi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston va Belarusdan 100 dan ortiq korxona ishtirok etdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.