Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Qamchiq” dovonida YPX xodimlari Nexia-2 avtomashinasi yo‘lovchisidan giyohvandlik vositasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan moddalarni aniqladi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
19 sentyabr kuni soat 09:55 da “Qamchiq” dovonidagi YPX otryadining “Namangan” posti xodimlari «Vodiy — Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan avtomashinani to‘xtatdi.
Tekshiruv vaqtida 2004 yilda tug‘ilgan, N.U. fuqaroning xatti-harakatlari YPX xodimlarida shubha uyg‘otdi.
Xolislar va guvohlar ishtirokida o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik davomida yo‘lovchining og‘iz bo‘shlig‘idan kelib chiqishi giyohvandlikka oid bo‘lishi mumkin bo‘lgan moddalar aniqlandi.
Sellofan o‘ramga o‘tkir hidli, jigarrang rangdagi, gashishga o‘xshash modda, shuningdek, oq rangli kukunsimon, mefedronga o‘xshash modda o‘ralgani aniqlandi.
Holat bo‘yicha materiallar belgilangan tartibda rasmiylashtirildi. Aniqlangan moddalar va avtomashinada bo‘lgan fuqarolar keyingi tekshiruv ishlarini olib borish uchun Pop tumani ichki ishlar bo‘limiga topshirildi.
Avtomobil yo‘llarida nazorat va tekshiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.