O‘zbekiston

O‘zbekiston va Germaniya ekologiya sohasida hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Germaniya ekologiya sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Germaniya ekologiya sohasida hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi boʻyicha milliy qoʻmitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Germaniya yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Hamkorlik masalalari O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov hamda Germaniya Bundestagi deputati, Tashqi ishlar qo‘mitasi aʼzosi Shtefan Mayer o‘rtasida muhokama qilindi.

Tomonlar mintaqaviy dasturlar doirasidagi hamkorlik, ekologik monitoring, bioxilma-xillikni saqlash, shuningdek, ilmiy-taʼlimiy hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston tomoni amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar va davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi. Ular qatorida atmosfera havosi sifatini yaxshilash, bioxilma-xillikni saqlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ekologik taʼlimni rivojlantirish masalalari bor.

GIZning «Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi va ILUCA mintaqaviy dasturiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishlar doirasida amaliy loyihalarni amalga oshirish, texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va mutaxassislarni birgalikda tayyorlash taklif etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni SMART-patrullash, fototuzoqlar, geoaxborot texnologiyalari va sunʼiy intellektdan foydalangan holda raqamli monitoring qilish bo‘yicha pilot loyihani ishga tushirishni taklif qildi.

Bundan tashqari, sayg‘oqlarning migratsiya yo‘llarini saqlash maqsadida Germaniyaning ekspert va ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, shuningdek, texnik va metodologik ko‘mak jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Taʼlim sohasida Green University‘ning Germaniya universitetlari va ilmiy tashkilotlari bilan hamkorligini kengaytirish, qo‘shma yozgi maktablar tashkil etish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish taklif etildi.

Shuningdek, Green University huzuridagi 14 ta “yashil” texnikumda nemis tilini o‘qitishni rivojlantirish tashabbusi ilgari surildi.

Shtefan Mayer Germaniyalik hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishga va texnikumlarda nemis tili markazlari hamda sinflarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar ekologik tartibga solish, sertifikatlashtirish, standartlashtirish, eng yaxshi mavjud texnologiyalarni joriy etish, sirkulyar iqtisodiyot va chiqindilarni boshqarish sohalarida ekspertlar almashinuvini rivojlantirishga kelishib oldi.

Shuningdek, Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Eco Expo Central Asia 2027 xalqaro ekologik ko‘rgazmasida Germaniya kompaniyalari va ilmiy tashkilotlarining ishtirokini kengaytirish taklif qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar GIZ dasturlari doirasida qo‘shma loyihalarni davom ettirish, raqamli monitoring va ilmiy-taʼlimiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yashil texnologiyalar sohasidagi sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.