Iqtisod

Toshkent viloyati Xunan bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent viloyati Xunan bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent viloyati Xunan bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Xunan provinsiyasi maʼmuriy markazida «Xunan provinsiyasining 2026 yilgi xalqaro birodar shaharlari va hamkor hududlari» savdo-iqtisodiy tadbiri hamda muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jahongir Mamajonov ishtirok etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Xunan provinsiyasi Xalq hukumati ko‘magida tashkil etilgan tadbirda 28 ta davlatdan davlat organlari, savdo-sanoat birlashmalari va kompaniyalar vakillari, shuningdek, diplomatik korpus aʼzolari ishtirok etdi.

Jahongir Mamajonov ochilish marosimida ishtirokchilarga qutlov so‘zi bilan murojaat qildi. Asosiy eʼtibor O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.

Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yana-da mustahkamlash masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Tadbir doirasida sohaviy uchrashuvlar, taqdimotlar va B2B muzokaralar o‘tkazildi. Ularda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, biznes va hududlar vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir Xunan provinsiyasining xorijiy hududlar bilan savdo-investitsiyaviy aloqalarini mustahkamlash va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.

Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha hududlararo aloqalarni yana-da rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Xitoy vakillari o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.