Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yaponiyaning JOGMEC korporatsiyasi raisi va bosh ijro etuvchi direktori Ichiro Takaxara bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar foydali qazilmalarni qidirish va o‘zlashtirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
JOGMEC (Japan Organization for Metals and Energy Security) — neft, gaz va metallar sohasida strategik resurslar xavfsizligini taʼminlashga ixtisoslashgan Yaponiya korporatsiyasi.
Tomonlar O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish hamda ushbu sohalarga ilg‘or yapon texnologiyalarini jalb qilish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, mineral xomashyoni boyitish va qayta ishlash, metallurgiya mahsulotlari sifatini oshirish, kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro niyat bildirildi.