O‘zbekiston

Toshkentda uzunligi 1,6 km bo‘lgan Gulsaroy ko‘chasi obodonlashtirildi

Toshkentda uzunligi 1,6 km bo‘lgan Gulsaroy ko‘chasi obodonlashtirildi
Toshkentda uzunligi 1,6 km bo‘lgan Gulsaroy ko‘chasi obodonlashtirildi / Foto: Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda press-tur doirasida jurnalistlar va blogerlar Gulsaroy ko‘chasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Uzunligi 1,6 kilometr bo‘lgan ko‘cha zamonaviy sayyohlik va gastronomik hududga aylantirilmoqda.

Ko‘chada piyodalar yo‘laklari, yashil hududlar va sug‘orish tizimi barpo etildi. Shuningdek, 58 ta yoritish ustuni va 46 ta o‘rindiq o‘rnatildi, qo‘shimcha ravishda 1,5 kilometr beton to‘siqlar montaj qilindi.

Press-tur davomida ishtirokchilar aholi va tadbirkorlar bilan muloqot qilib, amalga oshirilgan o‘zgarishlar ular uchun qanday qulayliklar yaratganini o‘rgandi. Mutaxassislar amalga oshirilgan loyiha va hududni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar haqida maʼlumot berdi.

Hokimlik maʼlumotlariga ko‘ra, o‘zgarishlarni joyida ko‘rish va mahalliy aholi fikrini eshitish press-turning eng muhim qismlaridan biri bo‘ldi. Gulsaroy ko‘chasiga tashrif yakunlanganidan so‘ng tadbir ishtirokchilari yo‘nalishdagi navbatdagi manzilga yo‘l oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.