O‘zbekiston

Rossiyadan O‘zbekistonga uch nafar bola qaytarildi

Rossiyadan O‘zbekistonga uch nafar bola qaytarildi
Rossiyadan O‘zbekistonga uch nafar bola qaytarildi / Foto: O‘zbekiston TIV.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyadan O‘zbekistonga Mordoviya va Samara viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayollarning uch nafar voyaga yetmagan farzandi qaytarildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bolalar Mordoviyadagi jazoni ijro etish muassasalaridan birida tashkil etilgan bolalar uyida bo‘lgan. Ular orasida 4 va 2,5 yoshli ikki qiz hamda bir yoshli o‘g‘il bola bor.

Repatriatsiyadan oldin o‘zbek diplomatlari bolalarning fuqaroligini tasdiqladi, O‘zbekistonda qarindoshlari bor-yo‘qligini aniqladi va zarur hujjatlarni rasmiylashtirdi. Tayyorlangan materiallar Rossiyaning vakolatli organlariga taqdim etildi.

Bolalarni qaytarish jarayonini O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tashkil etdi. Yo‘l davomida ularga diplomatlar hamda O‘zbekistondan xizmat safariga yuborilgan Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamrohlik qildi.

Tashqi ishlar vazirligi maʼlum qilishicha, O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi Rossiyadagi jazoni ijro etish muassasalari huzuridagi bolalar uylarida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining farzandlarini mamlakatga qaytarish bilan tizimli ravishda shug‘ullanmoqda.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.